Bolalar ulg‘ayib yigit bo‘ldi, biri lochin-u biri burgut bo‘ldi. Ko‘p savdolarni boshdan kechirib, g‘animlarning kayfini uchirib yashashdi. Hasanxon suluv xon Dalliga uylanib o‘g‘il ko‘rdi, otini Ravshanbek qo‘ydi. Avazbek bilan Gulqizdan esa qiz tug‘ilib, nomi Gulanor bo‘ldi.
Necha marta qor erib, necha bor chechak undi. Qiz erkaroq, o‘g‘il serkaroq bo‘lib voyaga yetgach, Hasanxon Avazbekning xonadoniga sovchi jo‘natdi. Keksa Go‘ro‘g‘libekning o‘zi o‘rtaga tushib, oqlik so‘rab bordi. Avazbek bo‘lsa o‘z og‘asi Hasanxonning o‘g‘lini qiziga teng ko‘rmay, boboning dilini og‘ritdi. Bu orada Ravshanbek Shirvonshohning qizi Zulxumorga oshiq bo‘lib, yuz xil quvonch-azob ko‘rib, oxiri unga uylandi.
Yana kun ketidan oylar o‘tdi, qo‘ldan qo‘lga choylar o‘tdi, Ravshan bilan Zulxumor sochi jingalak, peshanasi do‘ngalak, zotdor qo‘zidek to‘lpoq, qorako‘z-u oppoq o‘g‘il ko‘rishdi, ismini Oshiqbola qo‘yishdi. Oshiqbola uch yoshida ariqdan sakrab o‘tadigan, to‘rtida harf bitadigan, beshida kitob titadigan, oltisida o‘zini otda erkin tutadigan, yettisida nonga xanjarda yog‘ surtadigan, sakkizida o‘q-yoy bilan tangani yirtadigan, to‘qqizida tuxumni xom yutadigan, o‘nida polvonlarni yelkada turtadigan, o‘n birida uyida oshna kutadigan, o‘n ikkisida haftalab ovga ketadigan bo‘ldi.
O‘n uchida ham ovdan ko‘ngli sovimadi. Bir kuni chambillik chapdast jo‘ralari bilan kiyik quvib yurib, Bobotog‘da bir gala qizlarga duch kelib qoldi. Ularning sardori – Boysun begining Oytumor ismli qiziga ishqi tushib, eliga sarxushlanib qaytdi, dardini Go‘ro‘g‘libek bobosiga aytdi. Bobosi qirqta guldek navkarini chaman, ulovlarini saman qilib, sovg‘a-yu mol-hol, yana uchta oqsoqol bilan Boysunga sovchi yubordi. Ko‘p o‘tmay sovchilar ikki qo‘li burnida qaytib, noilojlikning sababini aytib, Sepkilshohning askarlari Boysundagi sandiqlarni qoqlab, yigit-qizlarni bog‘lab, qul va cho‘rilikka olib ketganini ma’lum qilishdi. Buni eshitib, Go‘ro‘g‘libekning yurak sanchig‘i, Oshiqbolaning achchig‘i qo‘zidi. Bobosidan G‘irotni tilab, dadasining qilichini tasmaga ulab, Sepkilshohga pinhona jag‘ silab, yo‘lga chiqdi…
Oshiqbolaning gaplarini Meshpolvon o‘shanday g‘o‘dayganicha tinglab bo‘lgach, unga boshdan oyoq nazar solib dedi:
– Dadam onamga sovchi qo‘yganida, opoq otam: «Hali yosh ekansan, kurash tushsang – belingni, o‘g‘ri bossa – keli1ngni, dushman kelsa – elingni saqlay olarmikansan? Avval iligingni to‘ldir, biron ishni do‘ndir, payingni shishir, aqlingni pishir, keyin uylan», degan ekan. Seniyam boshing chumchuqdeg-u, yondim-kuydim deyishingga o‘laymi?
– Zotimiz o‘zi shunaqa, – deb g‘ururlandi Oshiq-bola. – Dadam Ravshan botir ham o‘n uch yoshida Shirvonda qilich savashib, onamni olib kelgan.
Buni eshitib, Meshpolvon chuqur xo‘rsinib qo‘ydi:
– Meni dadam o‘ttizida ro‘zg‘or qilgan.
Shu ko‘yi ikkalasi gapni gapga ulab, yomonning nomini balchiqqa bulab, yaxshini osmonga ko‘tarib, garmseldan yuzlari ko‘karib, saksovullarni oralab, poyonsiz sahroni bo‘ralab boraverdilar. Bir yoqda jizg‘anak azobi, ikkinchi yoqda suv va ovqat tejami, yana uyqusizlig-u sargardonlik balosi qo‘shilib, uch-to‘rt kundayoq Meshpolvonning holi tang bo‘ldi: og‘zi qaqrab, tomog‘i taqilladi, jag‘i ochilib, tili osildi.
Oshiqbola o‘zini ancha bardam tutib kelayotgan edi. Ammo ertalab qulog‘i tagida qandaydir shish paydo bo‘ldi-yu, isitma chiqib, ko‘zlariga qon quyildi, belidan mador ketdi.
– Buqoq bo‘lganga o‘xshayman, – deya ruhi so‘niqib po‘ng‘illadi u. – Shu bashara bilan Oytumorga qanday yo‘liqaman?
Meshpolvon pishillaganicha qo‘l siltab dedi:
– Xafa bo‘lma, oshnaginam, buni yo‘li oson. Ozgina noningdan bersang, qanday tuzatishni aytaman.
Oshiqbola G‘irotning yuganini tortib, sekin yerga tushdi. Otning beliga har ko‘zi toypaxtadek keladigan olacha xurjun tashlangan edi, ochiqqo‘l asilzoda undan to‘rtta non, yarim xalta tolqon, yigirmatacha pishirilgan tuxum, mayiz-turshak olib, dasturxon yozdi. Yozilayotgan dasturxonning shabadasidan uchgan qumlar hali to‘xtab-to‘xtamasidan, Meshpolvon allaqachon shu joyga chordana qurib ulgurgan edi. Oshiqbola narsalarni birin-ketin o‘rtaga keltirib qo‘yayotganda u yutoqib tamshanganicha, har safar: «Rahmat, oshna. Kam bo‘lma», deb duogo‘ylanib turdi.
Nihoyat «oling-oling»ga navbat yetdi. Oshiqbola dastlabki non burdasini og‘ziga solayotib, tuxumga sepishga tuz yo‘qligini ko‘rdi-yu, borib yana xurjunni titkiladi. Тuzni olib kelib qarasa, dasturxon ship-shiydam. Nima bo‘lganini tushunmay, bir muddat angrayib turganidan so‘ng, Meshpolvondan so‘radi:
– Hoy, dasturxondagilar qani?
– Nima balo, seniyam qorning ochmidi? – deya bezrayib boqdi Meshpolvon. – Shuni oldinroq aytmaysanmi? Qo‘lingdagi yeydigan narsami o‘zi?
– Тuz.
– Qani, bu yoqqa uzat-chi.
Meshpolvon tuzni olib, shartta og‘ziga to‘kdi. Yutayotib hatto yuzini burishtirib qo‘ymadi.
Ular ovqatlanib bo‘liboq yana yo‘lga tushishdi. Yutinishga ham qiynalayotgan Oshiqbola yo‘l-yo‘lakay zog‘orani so‘rib borayotib, «Buqoqning davosini aytgin endi», deb zardalandi.
– Hozir aytaman, – dedi Meshpolvon. – Oldin ozgina ovqatdan cho‘zgin. Chika minan Puka esdan chiqibdi-ku.
– Kim deding? – zog‘orasidan bir to‘g‘ramini uzatayotib so‘radi Oshiqbola.
– Ilonlarim, – deya oziqni uch qismga bo‘lib, birini o‘ng qo‘yniga, ikkinchisini chapiga tiqdi Meshpolvon. Uchinchi bo‘lakni esa o‘zi yamlay boshladi. – O‘ng qo‘ynig‘imdagisi – Chika, chapdagisi – Puka. Umringda oshiq o‘ynaganmisan o‘zing? Otgan oshig‘ing yutuq tomonga yonboshlasa – chika, teskari tarafitushsa, puka bo‘ladi.
Ana endi Meshpolvonning Oshiqboladan kulishini ko‘ring:
Sho‘ring qursin, baxmal chopon,
Ulg‘ayibsan juda nodon.
Oshiq nima, bilmasmisan?
O‘zbakmisan, habashmisan?
Bordir yana yong‘oq o‘yin,
Yutsang – ovqat ikki qo‘yin.
Yoz kelganda kirib boqqa,
Otganmisan zo‘ldir-soqqa?
Yerga chizib «chizma-chiziq»,
Sopol surish undan qiziq.
O‘ynamagan bo‘lsang «Dasta»2,
Demak, mendan zarbing past-da.
«Hammom pishdi» besh yoshga mos,
O‘n yoshgacha hayinchak os.
Katta bo‘lib qoldik endi,
Bizga bopi – «Eshak mindi».
Bilmayman deb jahlim qo‘zma,
Axir, mashhur «Quloqcho‘zma»3–
Kam emasdir ulog‘ingdan,
O‘t chaqnaydi qulog‘ingdan.
Hammasini qiyoslab ko‘r, «
Mo‘ri-mo‘ri» o‘yini zo‘r.
Bordir yana «Bekinmachoq»,
Eng qaltisi – «Urshapaloq»4.
Qilar seni ovchi, jangchi:
«Yoppa kurash», «Sholi yanchi»,
«Pichoq sanchar», «Sopqon otdi»,
«Kamand chirmash», «Arqon tortdi».
Aralashsa agar qizlar,
Kelin-kuyov saylab bizlar,
O‘ynar edik «Xola quchgan»,
Kimki sovchi – qo‘lga tushgan.
Bo‘shang qizni qilar qoqvosh
«Hakalakam» minan «Тo‘ptosh».
Ayniqsa til qayrar juda
«Oling, quda-bering, quda».
O‘ynaganlar «Oq-ko‘k terak»5,
Chopa olar naq pirpirak.
Yetti pushtdan qolgan meros
«Halov, tuya», «Тojixo‘roz»…
E, bularni kim bilmabdi,
By dunyoda tug‘ilmabdi.
Oshiqbola nafsi o‘tkir yo‘ldoshining bidirlashlariga befarq quloq solib turgach, qovoq-tumshug‘i osilib so‘radi:
– Buqoqning davosi nima, deyapman? Yo xurjunim bo‘shamaguncha aytmaysanmi?
– Buqoqmas bu, – deb nihoyat asosiy gapga o‘tdi Meshpolvon. – Buni tepki deyishadi. Davosi oson: ikkita kulchami, to‘rtta olmami, oltita varaqimi – nimaniki topsang, hisobini juft qilib, egizak tuqqan xotinning uyiga borasan, qo‘lingdagini berib, dardingni aytasan. Yegan og‘iz uyalar degan gap bor. Xotin hamma ishini tashlab qo‘yib, kallangni po‘saxonaga6 midib7 yotqizadi, shishgan joyingga yalang oyog‘i bilan yetti marta tepadi. Bir haftadan keyin sen ko‘rmading, men ko‘rmadim bo‘lasan.
Oshiqbola indamay otiga qamchi urdi. Meshpolvon ham xachirini oldinga qistab, sevimli qo‘shig‘ini xirgoyi qila boshladi:
Olma yedim baqalog‘idan,
Gilos yedim chaqalog‘idan,
Anjir yedim yapalog‘idan,
Bog‘bon buvaning shapalog‘idan…
Ular turtinib-surtinib, talay yo‘l bosishdi. Egizak bolali xotin u yoqda tursin, qarg‘ish tekkan bu sahroda biron-bir tirik jonning o‘zini uchratish amrimahol edi. Shunga qaramay, Oshiqbolaning bo‘ynidagi shish bir haftada o‘z-o‘zidan qaytib ketdi.
Xayriyatki, sahroning naryog‘i Meshpolvon o‘y-laganidek, «yer tugagan joy»ga borib taqalmas ekan. Avvaliga yakka-chekka ovullar uchrab, oxiri kattakon daryoning bo‘yidan chiqib qolishdi. Qirg‘oq yoqalab borib, kechga yaqin Mingpoda shahriga duch kelishdi. Yo‘ldagi ovullarda mehmon bo‘lishganda, mingpodaliklar Sepkilshohga o‘z xohishlari bilan bo‘y-sunib, daryodan quyidagi yerlarni talashiga yo‘l ochib berishganini cho‘pon-cho‘liqlardan eshitishgan edi.
Qo‘sh-omoch arang siqqulik tor ko‘chalarida har xil chuqur qazilgan, qurumli gumbazlariga o‘rgimchakto‘r osilgan, devorlari nuragan, g‘ijirloq darvozalari moy so‘ragan bu shaharda ikkalasi karvonsaroy qidirib ancha sarson bo‘lishdi. Birov itmisan, bitmisan demadi. Hamma o‘z ishini bitirish, o‘z nafsiga qayg‘urish bilan band edi.
Begona-ku – begona, bu yerning odamlari hatto bir-biriga ham oqibatsizligi shundoqqina ko‘rinib turardi. Agar yaqin tanishlar uchrashib qolsa, birovi bosh qimirlatsayam obro‘yi to‘kiladigandek, shunchaki qosh uchirib qo‘yar, unisi bezrayganicha sal qovoq yumib alik olardi. Qarama-qarshi darvozalardan ko‘chaga teng chiqib kelgan qo‘shnilarning biri g‘o‘dayib ko‘z qissa, ikkinchisi jiyinib mo‘ylov uchirardi. Dushman ularni hech bir qiyinchiliksiz tobe etib, endi osongina tizginlab yurganining boisi ham shu bo‘lsa kerak.
Faqat bolalargina g‘alati qurollanib, ho‘kizteri yopingan jangchini alohida qiziquv bilan tomosha qilishib, ko‘chama-ko‘cha ergashib borishdi.
Yo‘llar torligi uchun ulovlar oldinma-ketin yurar, otning tuyog‘i taratgan changdan Meshpolvonning tomog‘i qichishib, xachiri ham nafasi qaytayotgandek tinimsiz bezanglardi.
«G‘irot bo‘lsang o‘zingga! – deya tixirlandi Meshpolvon. – Xumbosh egang izzatini bilib, orqada yuraversa o‘larmidi?»
Oldda doim asilzoda,
Qolgan odam go‘yo poda.
Mayli, oldda yursa yursin,
Biroq changitgani qursin.
Achishadi tanglay-tomoq,
Ko‘zlaringga to‘lar tuproq.
Yo‘l qayoqda, ko‘rolmaysan,
Jilovniyam burolmaysan.
Savol bersang, kelmas javob,
Yetaklaydi battar shitob…
Ayting, axir bunday «poyga»,
Boshlab borar oxir qayga?
Sizga rostin desam, xullas,
Ergashganga qilmang havas.
Umr o‘tar bo‘lsa changda,
O‘lgan yaxshi biror jangda.
Borib-borib, torko‘chaga tutashuvchi keng yalanglikka chiqib qolishdi. O‘rtada – suvsiz toshhovuz. Hovuz bo‘yidagi qurigan chinor ostida soch-soqoli oshqovoqpalak bo‘lib o‘sgan, chakmoni qalandarning paytavasidek to‘zgan, shalvariga mingta yamoq oralagan, oyog‘ining boshmaldog‘i chorig‘idan mo‘ralagan haykalsimon bir gadoy ajab-ajab gaplarni aytib, javranib o‘tirardi:
– Ho‘, odamlar! Jindak aql tashlab o‘ting, o‘rniga tilimni beraman.
Meshpolvon hech narsaga tushunmay, merovlanganicha Oshiqbolaga qaradi.
– Ho‘, odamlar! Menga insof berib, jig‘ildonimni olaqoling. Bilaman, baribir sizga insofning keragi yo‘q.
Endi Oshiqbola ham hayratlanib, Meshpolvonga o‘girildi.
– Ho‘, odamlar! Mayli, burnimni oling, ortiqcha ko‘z-quloqlarni menga topshiring.
Ikki musofir angraygan ko‘yi ulovlaridan tushib, gadoyga yaqin borishdi, birin-ketin salom berishdi.
– Gapni qisqa qilinglar, – dedi gadoy. – Sizlarga o‘pka kerakmi? O‘rniga nima berasizlar? Yurakmi?
Ular nima deyishni bilmay, bir muddat kalovlanib turishdi. Nihoyat Oshiqbola tili tutilib gap boshladi:
– Nega… bunaqa deyapsiz, bobo?
– Olamdagi eng qimmatli jonzot – odam, – deya shohona qiyofada osmonga qo‘lini bigiz qildi gadoy. – Chunki unda aql bor, idrok bor. Aql-u idrokniyam, farosatniyam ko‘z bilan quloq boyitadi. Biz bo‘lsak, burun bilan yashayapmiz, til bilan kun ko‘ryapmiz. Iskovuchmiz! Chaqimchimiz!
– Bechoraga boringni bergin, – deb shivirladi Meshpolvon, – ochlikdan jinni bo‘pqolay depti.
Gadoy bu gal ularni quloq solib emas, ko‘zi bilan tinglayotgandek edi.
– Dunyoda uch xil jinni bor: xalqini talonchilik bilan to‘ydiradigan podsho, podsho nima desa ma’qullayveradigan amaldor, shu ikkala jinniga qo‘shilgan fuqaro.
Gadoy shunday deya ulardan yuz o‘girib, viqor bilan jag‘ini ko‘tardi, bulutlari qizg‘ish osmonga qiyalab tikildi. Oshiqbola tulporidagi xurjunni tag-tugi bilan olib kelib, uning oldiga qo‘yayotganda ham, ikkovi asta uzoqlashib borayotganda ham, rahmat aytish tugul hatto churq etmadi. Olovrang bulutlarga ko‘z qadaganicha toshdek qotib turaverdi.
Ular gadoyning gapidan hayron lab tishlab, ulovlarining tizginidan ushlab, yalanglikni piyoda kesib o‘tishdi, to‘g‘ridagi torko‘chaning boshiga yetishdi. Oshiqbola uzangiga endi oyoq qo‘ymoqchi bo‘lganida, Meshpolvon unga burun teshigini do‘layib karilladi:
– Menga qaragin, oshna. Тo‘g‘risini aytganda, haddingdan oshyapsan. Kimsan – dahshatli Meshpolvon bo‘lsam, nomimga yarasha obro‘yim bor. Indamasam, shaharda oldimga tushib yurding. Boya gadoygayam men turganda avval sen salom berding. Shuyam ishmi?
Shu ko‘yi, Meshpolvonning og‘zidan bodi kirib, shodi chiqaverdi:
Yurma menga egov bo‘lib,
Olifta-yu lalov bo‘lib,
Yoz paytiyam tumov bo‘lib,
Burning qilib paraq-puruq.
Bosib kiborliging yuki,
Yo‘l boshlama lo‘kki-lo‘kki,
Asli mendan farqing shuki,
Тasmang faqat yaraq-yuruq.
Bo‘lmasa non, tolqonlaring,
Тinglamasdim yolg‘onlaring,
Qilich, sovut, qalqonlaring
Jonga tegdi – sharaq-shuruq.
Qo‘ymay turib hali soqol,
Pandlar aytib, to‘qib maqol,
O‘choqdagi choydish misol
Qilaverma varaq-vuruq.
G‘irotdan g‘oz boqinasan,
Yayov yursang, qoqinasan,
Go‘daksan-u, sog‘inasan –
Ko‘z suzsa qiz charaq-churuq.
Qon bo‘ldim sen egov bilan,
Olifta-yu lalov bilan,
Sopqolmayin o‘qlov bilan
Boshginangga taraq-turuq.
Oshiqbolaning bu gapdan g‘ashi kelgan bo‘lsayam, o‘zini bosdi, o‘rtog‘ining soddadilligiga kulib qo‘yaqoldi.
Bir mahal torko‘chada juvonlari iljaygan, erkaklari so‘ljaygan mazanglar paydo bo‘ldi. Ular chirmandani bata-bang urib, o‘yinchi kampirni oldinga surib, sho‘x-sho‘x qo‘shiq kuylab, bironta laqmani avrashni o‘ylab kelishardi.
O‘yinchi kampirning qo‘shig‘i mana bunday edi:
Qaynanalar, kelinglar,
Kumush tanga beringlar.
Alam qilar kelincha,
Saqich olib chaynasak.
Kelinchalar, kelinglar,
Chirmandadan olinglar.
Kuysa kuyar qaynana,
Uni chalib o‘ynasak…
Meshpolvon ularning oldini to‘sib, yaqin atrofda karvonsaroy bor-yo‘qligini so‘radi. O‘yinchi kampir bo‘ynidagi marjonlarini sharaqlatib, piyoladek ko‘zlarini charaqlatib, unga yaqin keldi. Qo‘lini beliga tirkab, og‘zidan dovul purkab: «Bittagina karvonsaroy bor, uyam tovuqning katagidek tor, har o‘nta musofirdan bittasi to‘g‘ri, qolgani o‘g‘ri, uxlasang – u yoningda hangi, bu yoningda bangi, sani ko‘ngling gumonda, ularniki – hamyonda, topilsa – chaqani, topilmasa – otingdagi taqani olishadi. Undan ko‘ra, biz bilan yuringlar, tunning gashtini yalangda suringlar, soy bo‘yida bazm qilamiz, yeganimizni ajriqda dumalab hazm qilamiz», dedi. Ikkovlon bir zum paysallanib turishgach, qimmatbaho molimiz yo‘q, birovdan xavfsiraydigan holimiz yo‘q, deyishib mazanglarga ergashishdi.
Bu ko‘chmanchilar shahar chetidagi soy sohiliga makon qurishgan ekan. Borib, o‘tloq joyga davra-davra bo‘lib o‘tirishdi. Har kim himmatiga yarasha narsa olib kelib, o‘rtaga to‘kaverdi.
Meshpolvon tekin ziyofatdan suyunib, endigina yeng shimarmoqchi bo‘lib turgan ediki, ot tuyoqlarining dupur-dupuri eshitildi. Qosh qoraya boshlagani tufayli, qandaydir otliq to‘da shu yoqqa yaqinlayotganini ham ilg‘amay qolishibdi.
Ot ustiga o‘rnatilgan ulkan tarvuzni eslatuvchi baqaloq kishi birinchi bo‘lib do‘ng ortidan chiqib keldi.
– Bu Nahang o‘lponchi, – deya u tomonga ishora qildi o‘yinchi kampir. – Soliq to‘plab yuribdi.
…Voy, o‘yinqaroq kitobxonlarim-ey, hali soliqning nimaliginiyam bilmaymiz deng? Juda baxtlisizlar-da!
Dunyoda zo‘rlab olinadigan soliqdan rasvo narsa yo‘q. Masalan, aytaylikki, bobongizning bobosidan meros qolgan besh tanob yeringiz bor. Ana shu yerga o‘zingiz chilla suvi berib, o‘zingiz haydab, o‘zingiz o‘g‘it solib, o‘zingiz mola bosib, o‘zingiz urug‘ sochasiz. Ariq tozalash-u ekin sug‘orish ham o‘zingizning bo‘yningizda. Yugurib-yelib, bug‘doyniyam pishirib olasiz. Keyin o‘rasiz, bog‘laysiz, to‘playsiz, xirmonga tashib chiqasiz, yoyasiz, birovning ho‘kiziga haq to‘lab yanchiysiz. Donni poxoldan ajratib olgach, uni shamolga shopirib saralaysiz. Ana endi g‘allani qopga solsangiz ham bo‘laveradi.
Bug‘doy o‘n qop chiqdi deylik. Unga qarab, kallada xomcho‘t qila boshlaysiz: tegirmonga olib borsam, taxminan shuncha un bo‘ladi, shunchasi tegirmon haqiga ketadi, shunchasini non yopib yeyishga ajrataman, shunchasini sotib, ro‘zg‘orga shu-shu narsalarni olaman…
Birdan fikringiz chalkashadi, bu bug‘doylardan kelasi bahorda ekishga urug‘lik asrab qo‘yish yodingizdan ko‘tarilganini fahmlaysiz. Hisob-kitobni qaytadan boshlamoqchi bo‘lib turganingizda, dabdurustdan poshsholikning odamlari kelib qoladi, bug‘doylarni Sepkilshohga qarashli yerlarda o‘stirding, endi haqini cho‘zib qo‘y, deyishadi.
O‘z mehnatingiz bilan o‘z yeringizda yetishtirgan hosilingizning poshsholik uchun olinadigan o‘sha qismi «soliq» deyiladi, uni undirib ketadigan kishilarni esa «soliqchi» yoki «o‘lponchi» deb qarg‘ashadi.
O‘lponchi insof qilsa, bug‘doyingizning yarmini, insof qilmasa, o‘n qopdan yetti-sakkiztasini olib ketaveradi. Bug‘doyning o‘rniga pul beraman desangiz ham yo‘q demaydi.
Poshsholar-u amaldorlar kimlar-u nimalarning hisobiga kun kechirishini endi bilib olgandirsiz? Ular shunaqa, o‘zini boqayotgan odamlarning xoki poyini ko‘zga surtish o‘rniga, ularga zo‘rlik qilishadi, aldashadi, o‘lay deb topganini talab ketishadi…
Nahang o‘lponchi Sepkilshohning moldek fahmsiz, bo‘ridek rahmsiz soliqchisi edi. Podishoh o‘n xil soliq solsa, u yana uch xilini qo‘shar, besh tangadan to‘plab kel desa, odamlardan olti-yetti tangani shilib olardi.
U har safargidek yigirmata maishatparast sarbozi, ikkita kalxatfe’l jallodi bilan Mingpodaga kelib, birovni qo‘rqitib, birovni darrada kaltaklatib, qaysarini dorga osdirib, poshsholikning xilma-xil soliqlarini yig‘ib qaytayotgan edi: yer solig‘i, suv solig‘i, uy solig‘i, mol solig‘i, o‘tin puli, tutun puli, eshak puli, kesak puli…
Bulardan cho‘ntakka urib qolgani yetmagandek, Nahang o‘lponchi salla solig‘i bilan ishton puliniyam o‘zicha qo‘shib qo‘ygandi. Soliqchilar kelgandan keyin bu yurtda sallaliklar soni keskin kamayib ketgan bo‘lsa-da, ammo ishton pulidan hech kim qochib qutulolmadi.
Nahang o‘lponchidan so‘ng do‘nglikda ikki barzangi jallod, yuk ortilgan tuyalarni qo‘riqlab kelayotgan qora papoqli sarbozlar paydo bo‘ldi.
– Qimirlamay tur hammang! – deb do‘q urdi Nahang o‘lponchi mazanglarga yaqinlashayotib.
Sarbozlar o‘tirganlarni tezda qurshab olishdi.
– Hoy, sandan oynanay, – deya o‘rnidan turib o‘lponchiga yuzlandi o‘yinchi kampir. – Qo‘lida eski chirmanda, cho‘ntagi quruq sharmanda lo‘lilar bo‘lsak. Bizdan nimani istaysan?
– Gapni ko‘paytirma, – deb o‘shqirdi Nahang o‘lponchi. – Chirmanda pulini yaxshilikcha to‘lab qo‘y.
Mazang kampirning ko‘zlari chaqchaydi. «Yetmish yil sang‘ib, sakson mamlakatni ko‘rdim. Lokin chirmandaga soliq solganlarini birinchi bo‘lib san muttaham aytding», deya bir so‘z dedi:
Soliq solding yerimga,
Qo‘ydan shilgan terimga,
Soyda yuvgan kirimga,
Chirmandamga yopishma.
Olding ko‘chat pulini,
Olding ko‘kat pulini,
Olding no‘xat pulini,
Chirmandamga yopishma.
Bo‘kish puli so‘rading,
Cho‘kish puli so‘rading,
So‘kish puli so‘rading,
Chirmandamga yopishma.
Qizlar to‘lar xol puli,
Kampir to‘lar chol puli,
Chol to‘lar soqol puli,
О проекте
О подписке
Другие проекты