Читать книгу «Rivoyat va ertaklar» онлайн полностью📖 — USMON QO‘CHQOR — MyBook.
cover

USMON QO‘CHQOR

Rivoyat va ertaklar

SHIROQ

She’riy rivoyat

DORONING BOSTIRIB

KIRISHI VA SHIROQNING

BIR QARORGA KELISHI

Yer-ko‘kni bosdi faryod,

Dahshat, vahshat, g‘alayon.

Ulovda yo piyoda

Bosib kelar olomon.

Qochib kelar xaloyiq

Oh-u zor, dodlar bilan.

Mingani – tuya, xachir,

Eshag-u otlar bilan.

Kimdir kimnidir qarg‘ab,

Kim yiqilib, kim turib,

Guvlab kelar izdihom

Ko‘chki kabi surilib.

Go‘yo qiyomat-qoyim

Bosgan deysiz dunyoni.

Quyoshni to‘sib qo‘ygan

Sahroning chang-to‘zoni…

Shu sahroda bir cho‘pon

Bor edi – oti Shiroq.

Bir ozgina quv edi,

Bir oz sodda, odmiroq.

Ota-bobodan meros

Bir tayog‘-u bir nayi.

Lablarida tabassum,

Nur sochadi manglayi.

Nigohlari burgutdek,

Soch – yelkada qo‘ng‘iroq…

Xullas, suruvni haydab,

Nay chalib yuragini choq –

Bu ur-sur, chang-to‘zondan

Hayratda turib qoldi.

Itlar tinmay vovullar,

Otlar pishqirib qoldi.

Duv etib bitta joyga

To‘plandi-ku suruvi.

Sahroga soldi larza

Xaloyiqning g‘uv-g‘uvi.

Shiroq otiga minib

Yeldi o‘tovi tomon.

Borsa, quduq oldida

G‘ujg‘on qaynar olomon.

Qaydan kelmish buncha el

Sel yoqqandek bemahal?

Suv ichishar talashib,

Bir-biriga bermay gal.

Karvon desa, karvonmas,

Qo‘shin desa, yo‘q qurol.

Aralash-u quralash

Taloto‘pdir, bu ne hol?

O‘tovning soyasida

Turar bir chol xafaqon.

Shiroq borib hol so‘rdi:

“O‘zi ne gap, otaxon?”

Gap boshladi chol mahzun:

“So‘ramagin, ey o‘g‘lon.

El bunday g‘am ko‘rmagan

Qurush davridan buyon.

Yurtimizga o‘tdek bir

Balo kelur bostirib.

Eronning yovuz shohi

Doro kelur bostirib.

Bog‘-rog‘-u dala-tuzni

Dushman payhon etmoqda.

Yosh-qari, erkak-ayol

Birday tig‘dan o‘tmoqda.

Yulduzdan ko‘p lashkari,

Hammasining ko‘zi qon.

Joningdan umid bo‘lsa,

Sen ham qochib qol, o‘g‘lon”.

Chol xayr-ma’zur qilib,

Olomonga ergashdi.

Shiroq qayg‘uda qoldi,

Lol qoldi, aqli shoshdi.

O‘g‘li bilan xotini

Yaqin kelib cho‘kdi tiz.

Yo Tangrim, bu qanday gap?

Yer tilsiz, falak tilsiz.

Xotiniga termuldi

Ichga yutib yoshini.

Mador yo‘q silagani

O‘g‘lonining boshini.

Falakka ne otilsa,

Qaytib yerga tushadi.

Burch avvalo otaga,

Avval erga tushadi.

Tangri buncha bag‘ritosh,

Tangri buncha berahm?

Ayol ko‘zida – o‘tinch,

O‘g‘lon ko‘zida vahm.

Ikki mushtipar nigoh

Turadi najot kutib.

Yetti kunda bu yerga

Doro kelarmish yetib.

Alhol, gap boshlar Shiroq:

“Dam oling bu kecha siz.

Erta tongda turibon

Kunchiqishga ko‘chasiz.

Men bir chora topgali

Tangrimga yolboraman.

Tongda sizni kuzatgach,

Saroy tomon boraman”.

Bola, axir, bola-da,

Bundan suyunib ketdi.

Ayol mung‘ayib qoldi,

G‘amdan kuyunib ketdi.

Ikkisin ikki yondan

Bag‘riga bosdi Shiroq…

Bu mangulik baxt edi,

Va bu – mangulik firoq…

SHIROQNING O‘G‘LI

BILAN VIDOLASHUVI

Erta turdi uchta jon,

Tong bo‘z kabi bo‘zargan.

O‘g‘lon ko‘zida sevinch,

Ayol ko‘zi qizargan.

G‘amlashdi ozuqani,

Quduqdan suv tortishdi.

O‘tovni ham bo‘laklab

Tuyalarga ortishdi.

Shiroq o‘g‘lin bir chetga

Chaqirib oldi imlab.

Boshini siladi-yu

Boshlay ketdi shundoq gap:

“Ulg‘ayib qolding, bolam,

Aql-u hushing yig‘ endi.

Men o‘limga boryapman

Sen bo‘lma deb sig‘indi.

Bir kun anglab yetarsan

Bu hikmatni, bolam-a,

Sen quldek yashama deb,

Men mard bo‘lib o‘laman.

Yetimman deb o‘ksima,

Senga shul o‘gitimdir:

Otasi yo‘q yetimmas,

Vatani yo‘q yetimdir.

Ertakmas bu gaplarim,

Bu so‘zlarim lof emas.

Hamma narsa topilgay,

Faqat Vatan topilmas.

Dushman bossa dalangni,

Bog‘ingni etsa g‘orat,

Qul aylasa o‘zingni,

Yo‘q bundan zo‘r haqorat.

Mute bo‘lsa Vataning,

G‘anim yurtda bo‘lsa bosh,

Boshingga ming musht urib,

Bergaydir bir yutum osh.

Kuning itdan ham battar,

Tuning o‘limdan og‘ir.

Eshitganing – haqorat,

Mehnatdan yelkang yag‘ir.

Ko‘kka ozod boqolmay,

Boshing egib yurarsan.

Hatto nafas olmoqni

Yovlaringdan so‘rarsan.

Qaysi elga qochmagin,

Qadring bo‘lmas dunyoda.

Yurtsiz qolganning holi

Tuban bo‘lur gadodan.

Toki Vatan bor ekan,

Umring go‘zal bog‘ bo‘lar.

Olg‘a bossang, u – manzil,

Ortda suyanch tog‘ bo‘lar.

O‘zga yurtning bolidan

Yurtingning zahri ulug‘.

Ming dushmanning mehridan

Bir do‘stning qahri ulug‘.

Toki Vatan bor ekan,

Unarsan, ulg‘ayarsan.

Yurtning eng suluv qizin

Bir kun sevib qolarsan.

Sevgiga ham erk kerak,

Kerak ozod bir makon.

Yurting ozod bo‘lmasa,

Baxt topmassan hech qachon.

Bandga tushgan Vatanning

Onalari cho‘ridir.

Yurt nomusi toptalsa,

Qizlarining sho‘ridir.

Daryodagi balig‘ing,

Osmondagi lochining –

Bariga g‘anim ega,

Zulmat bo‘lur ochuning.

Chaman ichra bir gulni

Xush ko‘rishdan qo‘rqasan,

Hatto kechalar uxlab

Tush ko‘rishdan qo‘rqasan.

Ko‘zlaringni ko‘r qilar

Jon vahmining to‘zoni.

Qoningda sovib borar

Bobolarning isyoni.

O‘tmish chiqar esingdan,

O‘chib boradi yoding.

Sendan-da ojiz, qo‘rqoq

Tug‘ilgaydir avloding.

Hamma bir-biriga yot,

Bir-biridan cho‘chiydi.

Ta’ma, yolg‘on, xiyonat,

Razolatlar urchiydi.

Sherdek-sherdek yigitlar

Yov poyida yotadi.

Otasini o‘ldirib,

Onasini sotadi…

Yurt bor ekan, yurasan

O‘lan aytib, dod solib.

Ko‘pkariga kirasan

Tulpor minib, ot solib.

Adirlarda ayqirib,

Tog‘lar oshib damodam,

Qushday uchib yurarsan,

O‘zib o‘zg‘ir shamoldan…

Men-ku ketib boryapman,

Shirin bolam, bol o‘g‘lim.

Kel, ko‘zingdan bir o‘pay,

Endi yaxshi qol, o‘g‘lim.

Enang endi – ham enang,

Ham mehribon otangdir.

Endi otang – shu eling,

Shu suyukli Vatandir.

Yetimman deb o‘ksima,

Senga shul o‘gitimdir:

Otasi yo‘q yetimmas,

Vatani yo‘q yetimdir”.

Bola ko‘ngil, nelarni

His etding sen shu damda?

Angladingmi otadek

Kuch borligin olamda?

Ulg‘aydingmi bir onda,

Yo irod berdi Tangri?

Yo‘qsa nega teng-to‘shdek

Quchoqlading otangni.

Yo‘qsa yig‘lab-siqtamay,

Nega chekmay oh-fig‘on,

Shivirlading mardona:

“Men roziman, otajon…”

SHIROQNING XOTINI

GULDURSUN BILAN

VIDOLASHUVI

“Men ruh bo‘lsam, duolaring

Ruhga shodlik to‘ldirsin.

Sahrodagi noyob guldek

Sevdim seni, Guldursun.

Tunlarda tun kabi uzun

Sochlaringga ko‘mildim,

Lablaringda o‘tdek yondim,

Ko‘zlaringda cho‘mildim.

Kipriklaring ko‘ksim aro

O‘q bo‘lmoqqa chog‘landi.

Qora qoshing ko‘zlarimga

O‘rtuk bo‘lib bog‘landi.

Ikki qo‘ling sirtmoq kabi

Chirmashganda bo‘ynimga,

Shirin ajal kirgan kabi

Tuyulardi qo‘ynimga.

Tonggacha shu ajal meni

Yig‘latsin-u kuldirsin.

Hayotim ham, o‘limim ham

O‘zing eding, Guldursun.

Adirlarda yalang oyoq

Chopganlaring esimda.

Kaftim ochib ming bitta fol

Topganlaring esimda.

Botayotgan kunga boqib,

Tiz quchib oqshom payti

Aytgan hazin qo‘shiqlaring

Hamon jonni o‘rtaydi.

Seni doim qizg‘ongan bir

Yo‘lbars edim, sher edim.

Ot choptirsang adirlarda,

Farishtami, der edim.

Sening shivir-shivirlaring

Jonda to‘lqin otardi,

Qulog‘imdan poyimgacha

Qondek oqib yotardi.

Bulutga bosh qo‘ygan kabi

Boshim qo‘ysam tizingga,

Jannat kabi edi dunyo,

Jonim, mening ko‘zimga.

Kundek o‘g‘il tug‘ilganda

Mehring oqdi u tomon.

Ilk bor sendan o‘ksinganim

Esimda hali-hamon.

Ezgin-ezgin allalaring

Ezganida sahroni,

Dami ichlariga tushib

Ketardi bu dunyoning.

Qo‘y, yig‘lama, yoshing artay,

Kel, bir kulgin, kel, o‘ptir.

Sening shuncha olamingga

Bitta jonim ne bo‘pti?

Tangrim o‘zi yaratgandir

Sendek suluv jahonni.

Hamda uni asrash uchun

Mendek tanho qurbonni.

O‘chog‘ingdan qo‘r o‘chmasin,

Ko‘zingdan so‘nmasin nur.

Sendan xabar olgani

Har kecha ruhim kelur.

Ot o‘rnini toy bosadi,

O‘g‘limga ayt rostini.

Farqlay bilsin og‘ir kunda

Dushmanidan do‘stini.

Qarg‘amagin, nolimagin,

Uni guldek so‘ldirma.

Yolg‘izligin bildirmagin,

Yetimligin bildirma.

Bog‘lab qo‘yma bovloq toydek,

Ozod o‘ssin, hur o‘ssin.

Ulg‘aymasin o‘kinch bilan,

Yovqur-u mag‘rur o‘ssin.

Mayli, g‘anim qo‘li bilan

Tangrim meni o‘ldirsin.

Lekin sening nomusingga

Dog‘ tushmasin, Guldursun.

Men ketarman bu dunyodan,

Qolma xunbag‘ir bo‘lib.

Bahorlarda yog‘ajakman

Boshingdan yomg‘ir bо‘lib.

Bir dam tingan shamol kabi

Bir damgina tinarman.

Yana bir kun poylaringda

Maysa bo‘lib unarman.

Goho bo‘ron, goho samum –

Devonadek kelurman.

Tunlar yoqqan chirog‘ingga

Parvonadek kelurman.

Tush ko‘rsangki – bir zaif sham

Lip-lip yonar go‘shada,

O‘sha shamman mening o‘zim,

Mening ruhim – o‘sha-da.

Ne uchun yig‘lab turibsan

Endi mo‘ldir-mo‘ldir sen?

Ko‘z yoshlaring o‘zim ichay,

Ichim otash, Guldursun!”

Guldursunning qanotlari

Yoyildi – oqqush bo‘ldi.

Bu dunyo bir ro‘yo bo‘ldi,

Bu dunyo bir tush bo‘ldi.

Shiroqning olov lablari

Kapalakka aylandi,

Pir-pir uchdi gulzorlardan,

Gul ichiga joylandi.

Guldursunning qaro sochi

Qop-qora chodir bo‘ldi.

Ko‘rolmadim, bu chodirda

Nimalar sodir bo‘ldi.

Bulut kelib to‘sib qo‘ydi

Falakning juft yulduzin.

Eshitdim men uzuq-yuluq:

“Diydor… Qiyomat…” so‘zin…

SHIROQNING KENGASHGA

BORISHI

Xalqning otasi – xoqon,

Rabning yerda ko‘lkasi.

U tadbir topmog‘i shart

Xavfda qolsa o‘lkasi.

Doro bosib kelmoqda

Shaklar Vatani tomon.

Qabila boshliqlarin

Saroyga yiqqan xoqon.

Mashvarat ko‘p qizigan,

Xoqon so‘rar birma-bir:

Bu baloga ne chora?

Bu kulfatga ne tadbir?

Birov der: Dorodan zo‘r

Dunyoda yo‘q shahanshoh.

Biz taslim bo‘laylik-da,

Undan topaylik panoh.

Doro tomon sotilib

Ketdi uch-to‘rt qabila.

Qon to‘kib yurmaylik-da,

Bosh egaylik bir yo‘la.

Yo‘q, der birov, biz axir

Shak degan xalq bo‘lamiz.

Kurashamiz, yo yengamiz,

Yo hammamiz o‘lamiz.

Bu dunyo keng, der birov,

Qandayin zo‘r joylar bor.

Bo‘liq-bo‘liq yerlar-u

Uzun-uzun soylar bor.

Doro qadami yetmas

Ul joylarga ketaylik.

Boshqa vatan topaylik,

Boshqa bir yurt tutaylik…

Hech bir tadbir ma’qulmas,

Xayolga tolgan xoqon.

Ayni shu payt saroyga

Kirib keldi bir cho‘pon.

Shunday qaltis mahali,

Qil uzra turganda jon,

Bunday kengashda senga

Balo bormi, hoy cho‘pon?!

Xoqon der: “Bu kim o‘zi,

Aql-u hushdan yiroqmi?!

“Bu Shiroq, – der allakim, –

Oddiy cho‘pon – Shiroq-ku!”

Xoqon der: “Yurtga ajal

Chovut solib turgan payt,

Bizning kengashni buzib

Nega kelding, cho‘pon, ayt?”

Shiroq kengash ahliga

Tashladi bir-bir nazar.

Bu nigohda hayot bormi

Yoki o‘lim, alhazar.

G‘azab desang, bu nigohda

Chaqnab turar muhabbat.

Muhabbatning zamirida

G‘azabi bor qatma-qat.

Bu nigohga chiday olmay

Hamma yerga tikdi ko‘z.

Shiroq xoqonga boqib

Og‘ir-bosiq boshlar so‘z:

“Sizga bu yurt nechog‘lik

Aziz bo‘lsa, xoqonim,

Menga ham shuncha aziz,

Mening ham yonar jonim.

Martaba-yu mansabda

Farqimiz bor begumon.

Lekin yurt sevgisida

Tengdir xoqon va cho‘pon.

Izn etsangiz, – deb ko‘ksiga

Qo‘ydi Shiroq qo‘lini, –

Men dushmanni yengishning

Topdim bitta yo‘lini!”

Piq etib kuldi kimdir,

Tentak, dedi kim birov.

Saroydan bu jinnini

Quvlamoq kerak darrov.

Lekin xoqon ko‘p fozil,

Oqil-u dono edi.

“Xo‘sh, topding qanday tadbir,

Qani, cho‘pon, ayt!” – dedi.

“Boshliqlar chiqib ketsin,

Faqat o‘sha paytda man,

Bu tadbirni, bu sirni

Bitta sizga aytaman!”

Xoqon dedi: “Ey Shiroq,

Sening ko‘ngling bo‘lsin to‘q.

Mening bu boshliqlardan

Yashirguvchi sirim yo‘q!”

“To‘g‘ri, lekin bularning

Xotini, bolasi bor.

To‘g‘risi bor odamning,

Odamning olasi bor.

Shubham yo‘q boshliqlardan,

Lekin maqol borki, bas:

Uch kishi bilgan sirning

Aslo sirligi qolmas”.

Birdan saroy ichida

Zo‘r g‘alayon qalqidi.

“Xoqon, sizga tajovuz

Qilmoqchidir balki u?!

Xoqon, nahot ishonmay

На этой странице вы можете прочитать онлайн книгу «Rivoyat va ertaklar», автора USMON QO‘CHQOR. Данная книга относится к жанрам: «Фольклор», «Cтихи и поэзия». Произведение затрагивает такие темы, как «легенды», «литературная сказка». Книга «Rivoyat va ertaklar» была издана в 2023 году. Приятного чтения!